Koronavirus pandemiyasi sharoitida Janubiy Koreyada mehnat migrantlariga yordam berish masalasi muhokama etildi

Kecha, 30 iyul kuni, Seul shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Koreya Respublikasidagi Vakolatxonasi hamda Koreya Respublikasidagi Elchixonasi xodimlari bilan Koreya Respublikasi Inson resurslarini rivojlantirish tashkiloti (HRD-Korea) prezidenti Kim Dong Man bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi deb xabar qilmoqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Koreya Respublikasidagi Vakolatxonasi.

Xabarda yana qo’shimcha qilinishicha, tadbir davomida tomonlar ikki tomonlama hamkorlikning istiqbollari toʻgʻrisida muzokaralar olib bordilar, shuningdek, pandemiya sharoitida Oʻzbekistondagi mehnat muhojirlari muammolarini muhokama qilishdi.
Xususan, Janubiy Koreyada mehnat faoliyatini davom ettirish uchun mehnat muhojirlarining Oʻzbekistondan Janubiy Koreyaga kirib kelishidagi muammo va qiyinchiliklar haqida maʼlumot berildi.

Muzokara davomida, Vakolatxona Elchixona bilan hamkorlikda fuqarolarimizning Koreyaga kirib kelishlarida har tomonlama amaliy yordam berib kelinayotganligini va keyingi amalga oshiriladigan ishlarga ham tayyor ekanliklarini bildirishdi.

Shuningdek, Oʻzbekiston tomoni vakillari har qanday holatda ham Koreya hukumati tomonidan koronavirus bilan kurashish boʻyicha koʻrilayotgan choralarni qoʻllab-quvvatlashlarini hamda fuqarolarimiz karantin qoidalariga va oʻz-oʻzini izolyatsiya qilishning belgilangan tartibiga rioya qilishlariga kafolatlashlarini maʼlum qilishdi.

Muzokaralar yakunida Koreya Respublikasi Inson resurslarini rivojlantirish tashkiloti rahbariyati mehnat muhojirlarining Koreyaga kirib kelishdagi barcha qiyinchiliklarini imkon qadar tezroq hal qilish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishlarini maʼlum qilishdi hamda ushbu yoʻnalishda yaqin hamkorlikni davom ettirish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.

error: Ko\'chirishdan himoyalangan !!